IJTIMOIY TARMOQLAR TA’SIRIDA STRESS VA UNING SOG’LIQQA TA’SIRI
Keywords:
ijtimoiy tarmoqlar, stress, ruhiy salomatlik, jismoniy salomatlik, depressiya, ijtimoiy bosim, yoshlar, talabalar, qaramlik, sog‘liqni saqlash.Abstract
Hozirgi davrda ijtimoiy tarmoqlar inson hayotining ajralmas qismiga aylangan bo‘lib, ularning ruhiy va jismoniy salomatlikka ta’siri dolzarb ilmiy muammo sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy tarmoqlardan haddan tashqari foydalanish ko‘pincha stress darajasining ortishiga olib keladi. Buning asosiy sabablari orasida doimiy ravishda axborot oqimiga duch kelish, o‘zini boshqalar bilan solishtirish, virtual muloqotdagi salbiy izohlar hamda onlayn muhitdagi ijtimoiy bosimlar mavjud. Uzoq muddatli stress esa asab tizimining zo‘riqishi, uyqusizlik, depressiya belgilari, diqqatning susayishi va umumiy ish qobiliyatining pasayishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, psixologik zo‘riqish jismoniy sog‘liqka ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshirishi, immun tizimini susaytirishi hamda endokrin buzilishlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, yoshlar va talabalar orasida ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikning keng tarqalishi ularning ruhiy barqarorligiga, o‘qish samaradorligiga va ijtimoiy munosabatlariga salbiy ta’sir etmoqda. Shu bois, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatini shakllantirish, vaqtni me’yorlash va real hayotiy faoliyatga ustuvorlik berish stressni kamaytirishning samarali choralaridan biri hisoblanadi. Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlar inson hayoti uchun qulayliklar yaratishi bilan birga, ularning noxush ta’sirlarini kamaytirish uchun ongli va me’yorli foydalanish zarur.