“O‘ZBEK MAQOLLARIDA LINGVOKULTUROLOGIK MAZMUN VA MILLIY QADRIYATLAR TALQINI”
Abstract
Jahon tilshunosligida ma’lum bir tushunchani lingvokulturologik jihatdan tahlil qilish masalasi keng ko‘lamda o‘rganilgan bo‘lib, bu yo‘nalishda V.Babayeva, V.Maslova, L.E.Vilms, N.F.Alefirenko, Y.A.Belchikov, V.A.Fedosov, A.T.Xrolenko, N.A.Bagdasarov, S.V.Nikitina, F.O.Smirnov, I.B.Panchev, E.I.Zinovyeva, V.V.Vorobyov, T.I.Babkinalarning ilmiy ishlarida bu masala alohida e’tibor markazida bo‘lgan. Mazkur olimlar lingvokulturologik birliklarni til va madaniyat o‘zaro munosabatining asosiy ifodachisi sifatida talqin qilib, ularning semantik, pragmatik va kognitiv xususiyatlarini chuqur tahlil qilganlar. XX asrning oxirgi o‘n yilligida til ilmi va madaniyatshunoslik chorrahasida mutlaqo yangi yo‘nalish – lingvokulturologiya vujudga keldi. Tadqiqotchilar ushbu fan negizlarini Wilhelm von Humboldt nomi bilan uzviy bog‘laydilar. Keyingi ilmiy izlanishlarda rus tilshunoslari V. Babayeva, V. Maslova hamda g‘arb ilmiy maktabi vakili L. E. Vilms, shuningdek N. F. Alefirenko tomonidan til va madaniyat uyg‘unligi chuqur tahlil qilindi. Ularning ishlanmalarida mazkur sohaning metodologik asoslari, rivojlanish bosqichlari, inson tafakkuri bilan madaniyat o‘rtasidagi murakkab aloqadorlik, “konsept” tushunchasining mazmuniy chegaralari hamda uning oddiy tushuncha bilan umumiy va farqli jihatlari keng yoritib berilgan. Xususan, V. Maslova lingvokulturologiyaning taraqqiyot jarayonini uch muhim davrga ajratib o‘rganadi. Mazkur yondashuv doirasida til, jamiyat, shaxs va milliy ong o‘rtasidagi uzviy bog‘lanishlar tizimli ravishda ochib beriladi. Olimaning fikricha, antroposentrik paradigma markazida inson turadi va uning dunyoqarashi barcha tadqiqotlarning asosiy mezoni sifatida qaraladi. Shu nuqtayi nazardan Boduen de Kurtene, T.Kun, V. fon Humboldt kabi mutafakkirlarning tilni millat ruhining ifodasi sifatida talqin qiluvchi qarashlarini keltiradi. Zamonaviy tilshunoslikda til va madaniyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni o‘rganish dolzarb ilmiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, lingvokulturologiya doirasida til birliklari orqali xalqning tarixiy xotirasi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari va dunyoqarashini aniqlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda lingvokulturologik tadqiqotlar nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, tarjimashunoslik, madaniyatlararo kommunikatsiya, diskurs tahlili kabi yo‘nalishlarda lingvokulturologik yondashuv muhim metod sifatida qo‘llanilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek tilshunosligida ham lingvokulturologik tadqiqotlarni chuqurlashtirish, tizimli ravishda o‘rganish va ularning konseptual xaritasini yaratish muhim vazifalardan biridir. Bu esa nafaqat tilshunoslik fanining rivojiga, balki milliy madaniyatni asrab-avaylash va uni global ilmiy makonga olib chiqishga xizmat qiladi. Quyida maqollar lingvokulturologik nuqtayi nazardantahlilga tortilib, ular nafaqat til birligi, balki milliy madaniyatning muhim tashuvchisi, xalqning mentaliteti va qadriyatlar tizimini aks ettiruvchi madaniy kod sifatida namoyon bo‘ladi. Har bir maqolda xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, ijtimoiy tajribasi va axloqiy qarashlari mujassam bo‘lib, ular orqali millatning o‘ziga xosligi namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, yaxshilik, mehr-oqibat, sabr-toqat, birdamlik, mehnatsevarlik kabi tushunchalar o‘zbek maqollarida yetakchi o‘rin egallaydi. Quyidagi maqollar ham ana shunday lingvokulturologik birliklar sifatida o‘zbek xalqining ma’naviy olamini chuqur ifodalaydi.