METABOLIK SINDROMNING YURAK-QON TOMIR KASALLIKLARI RIVOJLANISHIDAGI O‘RNI
Keywords:
metabolik sindrom, yurak-qon tomir kasalliklari, semizlik, dislipidemiya, skrining.Abstract
Metabolik sindrom (MS) hozirgi kunda yurak-qon tomir kasalliklari (YQTK) rivojlanishining eng muhim va keng tarqalgan xavf omillaridan biri hisoblanadi. Metabolik sindrom tarkibiga abdominal semizlik, insulin rezistentligi, qandli diabet, arterial gipertoniya va dislipidemiya kiradi. Ushbu komponentlarning o‘zaro birikishi yurak-qon tomir tizimida chuqur patofiziologik o‘zgarishlarni keltirib chiqarib, miokard infarkti, insult, yurak yetishmovchiligi va to‘satdan yurak o‘limi xavfini keskin oshiradi. Ko‘plab bemorlarda metabolik sindrom uzoq vaqt davomida klinik belgilarsiz kechadi va kasallik faqat og‘ir yurak-qon tomir asoratlari rivojlangandan keyin aniqlanadi. Shu sababli metabolik sindromni erta aniqlash, skrining tekshiruvlarini joriy etish va profilaktik choralarga e’tibor qaratish zamonaviy tibbiyotning dolzarb masalalaridan biridir. Metabolik buzilishlar ko‘proq 30 yoshdan keyin uchraydi, maksimal daraja 40–60 yosh oralig‘ida kuzatiladi. Erkaklarda erta yoshda, ayollarda esa menopauzadan keyin ko‘proq aniqlanadi.Skrining tekshiruvlarida eng avvalo uglevod va lipid almashinuvi ko‘rsatkichlari, arterial bosim va abdominal semizlik mezonlari o‘zgaradi. Ayniqsa HOMA-IR indeksining ortishi va triglitseridlarning ko‘tarilishi metabolik sindromning erta belgilaridan hisoblanadi. Ushbu maqolada metabolik sindromning yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishidagi o‘rni, asosiy patogenetik mexanizmlari, klinik ahamiyati, diagnostik mezonlari va profilaktik yondashuvlar batafsil yoritilgan.