BACHADON BO‘YNI SARATONINI OLDINI OLISH: SKRINING VA VAKSINATSIYA AHAMIYATI
Keywords:
bachadon bo‘yni saratoni, inson papillomavirusi (HPV), displaziya, CIN1, CIN2, CIN3, skrining, profilaktika, vaksinatsiyaAbstract
Ushbu maqolada bachadon bo‘yni saratoni (BBS)ning global ahamiyati, epidemiologiyasi, etiologiyasi va rivojlanish mexanizmlari yoritilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik butun dunyo bo‘ylab ayollar o‘limining muhim sabablaridan biri bo‘lib, ayniqsa kam rivojlangan mamlakatlarda yuqori ko‘rsatkichlarga ega. So'nggi 25 yil ichida saraton tadqiqotlaridagi eng muhim yutuqlardan biri bachadon bo'yni saratonining sababi sifatida ma'lum HPV genotiplari bilan doimiy infeksiyani aniqlash bo'ldi. Maqolada inson papillomavirusi (HPV) infeksiyasining, ayniqsa yuqori xavfli genotiplar (16 va 18)ning bachadon bo‘yni saratoni rivojlanishidagi asosiy roli ta’kidlangan.
Shuningdek, HPVning hujayraga kirish mexanizmi, uning epiteliy hujayralarida ko‘payishi va displastik o‘zgarishlar (CIN1–CIN3) orqali invaziv saratonga o‘tish bosqichlari bayon qilingan. Kasallik rivojlanishiga ta’sir etuvchi qo‘shimcha xavf omillari ham ko‘rib chiqilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan global strategiya asosida kasallikni oldini olish, skrining va davolash choralarining ahamiyati yoritilgan