MATEMATIKA DARSLARIDA REAL HAYOTIY MASALALAR ORQALI O‘QUVCHILARNING FANGA QIZIQISHINI OSHIRISH
Keywords:
real hayotiy masala, matematika ta’limi, motivatsiya, boshlang‘ich sinf, matematik savodxonlik, kontekstli topshiriq, kompetensiyaviy yondashuv,muammoli vaziyat, amaliy fikrlash, interfaol metod.Abstract
Ushbu maqolada boshlang‘ich sinf matematika darslarida real hayotiy masalalardan foydalanish orqali o‘quvchilarning fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish, amaliy fikrlashni rivojlantirish hamda matematik savodxonlikni shakllantirish masalalari ilmiy-metodik nuqtayi nazardan tahlil qilinadi. Real hayotiy masalalar o‘quvchining kundalik tajribasi, oilaviy muhit, maktab va jamiyat hayotidagi sodda vaziyatlar bilan bevosita bog‘langan bo‘lib, ularni dars jarayoniga maqsadli integratsiya qilish ta’limning samaradorligini oshirishi isbotlanadi. Maqolada real kontekstli masalalarning psixologik-pedagogik asoslari, motivatsiya mexanizmlari, o‘quvchilarning faol bilish jarayoniga ta’siri, shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining metodik kompetensiyasi bilan uzviy bog‘liq jihatlar yoritilgan. Real hayotiy masalalar orqali o‘quvchi matematik bilimlarni “tayyor formula” sifatida emas, balki muammoli vaziyatni hal etish vositasi sifatida qabul qiladi. Bunday yondashuv o‘quvchining mantiqiy fikrlashini, tahlil qilish ko‘nikmalarini, tanqidiy mushohada yuritish qobiliyatini hamda matematikani hayotiy ehtiyoj sifatida idrok etishini kuchaytiradi. Tadqiqotda amaliy topshiriqlarni loyihalash tamoyillari, baholash mezonlari hamda real masalalar bilan ishlash jarayonida uchraydigan muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari asoslab beriladi.