NIMA UCHUN ODAM TARTIBLI BO’LISHI KERAK
Abstract
Assalomu alaykum, aziz o‘qishni sevuvchi do‘stlarim! Bugun biz “Nima uchun
odam tartibli bo‘lishi kerak?” mavzusida fikr yuritamiz. Albatta, tartibli bo‘lish hozir
ham, kelajakda ham har bir inson uchun juda muhimdir. Chunki tartibli inson hayotda
ko‘p yutuqlarga erishadi va qiyin vaziyatlarda ham o‘zini boshqara oladi.
Hayot davomida turli yaxshi va yomon hodisalar uchraydi. Shunday paytlarda
tartibli inson ko‘pincha yutib chiqadi. Chunki tartib insonning vaqtini to‘g‘ri
boshqarishiga, mas’uliyatli bo‘lishiga va muammolarni yengib o‘tishiga yordam
beradi.
Masalan, inson har kuni bir xil vaqtda uxlab, bir xil vaqtda uyg‘onsa, bu uning
sog‘lig‘i uchun foydali bo‘ladi. Erta uxlash va erta turish insonni intizomli qiladi. Agar
inson bu odatni har kuni takrorlasa, u asta-sekin yaxshi odatga, keyinchalik esa tartib
va intizomga aylanadi. Albatta, boshida bu qiyin bo‘lishi mumkin, ammo inson taslim
bo‘lmasa, albatta bunga o‘rganadi.
Bu mavzuni yaxshiroq tushunish uchun Mariya ismli qiz haqida misol
keltiraman. Mariya oliygohning birinchi kurs talabasi edi. U yangi muhit, yangi
do‘stlar va yangi hayot haqida juda ko‘p o‘ylardi. Avvaliga u o‘qish juda oson bo‘ladi
deb o‘ylagan edi. Ammo vaqt o‘tib, hammasi u o‘ylagandek emasligini tushundi.
O‘qish boshlangach, Mariya har kuni ertalab vaqtli turishga qiynalardi. U
kechasi uzoq vaqt telefon o‘ynab, ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazardi. Instagram,
YouTube va Telegramda do‘stlari bilan yozishib, ba’zan tungi soat birgacha
uxlamasdi. Natijada ertalab uyg‘onishi qiyin bo‘lar edi.
U shoshilganidan xonasini yig‘ishtirishga, kiyimlarini joyiga qo‘yishga va hatto
nonushta qilishga ham ulgurmasdi. Ba’zan daftar va kitoblarini sumkasiga solishni
unutardi. Shu sababli u asabiylashardi, kerakli narsalarini topolmay qiynalardi.
Tartibsizlik asta-sekin katta muammoga aylana boshladi.