O‘ZBEK MODELI ASOSIDA IQTISODIY ISLOHOTLAR VA ULARNING NATIJALARI
Abstract
Mustaqillikka erishganidan so‘ng O‘zbekiston oldida eng muhim vazifalardan
biri iqtisodiy tizimni tubdan o‘zgartirish edi. Rejalashtirilgan iqtisodiyotdan bozor
munosabatlariga o‘tish jarayoni murakkab bo‘lib, bu nafaqat iqtisodiy, balki
jamiyatning barcha qatlamlariga ta’sir qiluvchi keng ko‘lamli islohotlarni talab qilar
edi. Shu sharoitda mamlakat o‘ziga xos rivojlanish yo‘lini tanladi. “O‘zbek modeli”
deb nom olgan bu yondashuv bosqichma-bosqich islohotlar orqali iqtisodiy o‘sish
bilan birga ijtimoiy barqarorlikni saqlashga qaratildi.
O‘zbek modelining asosiy tamoyili keskin iqtisodiy o‘zgarishlardan qochib,
islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga asoslangan edi. Bu yondashuvning
sababi shundaki, o‘tish davrida ko‘plab davlatlar “shok terapiya” usulini qo‘llab, tezkor
liberallashtirish orqali iqtisodiy beqarorlik, ishsizlik va inflatsiyaning keskin oshishiga
duch kelgan edi. O‘zbekistonda esa davlat iqtisodiyotning asosiy tayanch tarmoqlarini
nazoratda ushlab turib, o‘zgarishlarni asta-sekin amalga oshirishni ma’qul ko‘rdi.
Dastlab bu siyosat ehtiyotkorlik sifatida qabul qilingan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi
bilan uning natijalari yaqqol ko‘rina boshladi. Iqtisodiyotda keskin qulashning oldi
olindi, asosiy infratuzilma saqlanib qoldi va ishlab chiqarish jarayonlari to‘xtab
qolmadi. Bu esa keyingi islohotlar uchun barqaror poydevor yaratdi. Xususiy sektor
rivojlanishi O‘zbek modelining eng muhim natijalaridan biri bo‘ldi. Kichik biznes va
tadbirkorlik asta-sekin iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Bugungi
kunda savdo nuqtalari, xizmat ko‘rsatish korxonalari, kichik ishlab chiqarish sexlari va
oilaviy bizneslar keng tarqalgan. Bu nafaqat iqtisodiy faollikni oshirdi, balki aholining
o‘zini-o‘zi band qilish imkoniyatini ham kengaytirdi.