MILLAT FIDOYISI VA BUYUK ISLOHOTCHI: XIVA XONLIGI BOSH VAZIRI ISLOMXO‘JA HAYOTI VA FAOLIYATI
Abstract
XIX asrning oxiri va XX asrning boshlari Turkiston o‘lkasi, xususan, Xiva
xonligi tarixida ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar, mustamlaka tazyiqi va shu bilan birga
milliy uyg‘onish davri bo‘ldi. Mana shunday murakkab va o‘tish davrida tarix
sahnasiga shunday shaxslar chiqdilarki, ular xonlikni asriy qoloqlikdan qutqarish,
mamlakatni modernizatsiya qilish va xalqning turmush tarzini yuksaltirishni o‘z
hayotlarining bosh maqsadi deb bildilar. Ana shunday ulug‘ siymolardan biri, shak-
shubhasiz, Xiva xonligining Bosh vaziri (vaziri akbari) — Islomxo‘jadir. Islomxo‘ja
nafaqat buyuk davlat arbobi, balki Xorazm jadidchiligining homiysi va o‘z davrining
eng jasoratli islohotchisi sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirdi.
Islomxo‘ja (to‘liq ismi Sayyid Islomxo‘ja Ibrohimxo‘ja o‘g‘li) 1872-yilda
Xivada taniqli ulamo va davlat arbobi oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi
Ibrohimxo‘ja xonlikda katta nufuzga ega shaxs bo‘lib, Muhammad Rahimxon II
(Feruz) davrida davlat boshqaruvida faol ishtirok etgan.