ARAB TILIDA KVAZISINONIMLAR
Keywords:
kvazisinonimiya, sinonimiya mezonlari, leksik-semantik tizim, kontekstual ekvivalentlik, mutloq sinonimlik, yaqin (qisman) sinonimlik, tur–jins munosabati, so‘z turkumlariaro yaqinlik, uslubiy-pragmatik tanlov.Abstract
Ushbu maqolada arab tilida sinonimlik munosabatining chegaraviy ko‘rinishi bo‘lgan kvazisinonimiya hodisasi, uning shakllanish omillari va leksik-semantik mezonlari tahlil qilinadi. Sinonimlikni belgilashda ma’no yaqinligi, kontekstda erkin almashtirish imkoniyati hamda bir xil savolga javob bo‘lish mezonlari asosiy tayanch sifatida qaralsa-da, zamonaviy tadqiqotlarda sinonimik qatordagi birliklar faqat bitta so‘z turkumiga mansub bo‘lishi haqidagi talab universal qoida sifatida qat’iylashtirilmayapti. Kuzatuvlar bir semantik maydon doirasida turli so‘z turkumlariga oid birliklar ham muayyan nutqiy sharoitda ekvivalentlashib, kvazisinonimik munosabatni yuzaga keltirishini ko‘rsatadi. Maqolada “kvazi-” prefiksining terminologik xususiyatlari, kvazisinonimlarning semantik o‘xshashlik darajasi va grammatik belgilariga ko‘ra guruhlanishi hamda P. A. Lekant tomonidan taklif etilgan tasnif yoritiladi. Natijalar kvazisinonimiyani “mutloq tenglik” emas, balki “kontekstual yaqinlik” va “qisman yaqinlik” asosida izohlash zarurligini ko‘rsatadi, bu yondashuv leksik tizimni aniqroq talqin etish, leksikografik belgilash va tarjima amaliyotida ma’no nozikliklarini ajratishga xizmat qiladi.